Moskvadagi teraktning bosh aybdori Putinmi?

Olam

image

22 mart kuni Moskvaning “Krokus Siti Holl” majmuasida sodir etilgan teraktdan so‘ng ko‘pchilikni bir savol qiynamoqda – Rossiya kabi dunyoning eng kuchli razvedka xizmatiga ega mamlakat qanday qilib ko‘z o‘ngida uyushtirilgan terakt haqida bilmay qoldi? Balki 73 yoshli Aleksandr Bortnikov nazoratidagi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ushbu fojia haqida avvalroq xabar topganida yoki AQSH razvedkasi ogohlantirishiga quloq tutilganda ushbu terroristik hujumning oldi olingan, 137 nafar odamning hayoti qutqarib qolingan bo‘larmidi?

Terakt haqida ogohlantirish

7 mart kuni AQSH Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarini "ekstremistlar Moskvadagi yirik yig‘inlarga hujum qilishni rejalashtirayotgani" haqida ogohlantirdi va ehtimoliy nishonga olingan konsertlar aytib o‘tildi. Amerikaliklarga kelgusi 48 soat ichida katta yig‘ilishlarda ishtirok etmaslik maslahat berildi.

Terakt Vashington ogohlantirgan sanadan keyinroq sodir bo‘ldi, ammo boshqa tafsilotlar 22 mart sanasidagi voqealarga ancha yaqin. Ko‘rinib turibdiki, ISHIDga aloqadorligi aytilayotgan terakt haqida AQSHda razvedka ma’lumotlari bo‘lgan.

Qo‘shma Shtatlar rejalashtirilayotgan terakt haqida o‘z fuqarolari bilan bir qatorda, Rossiya hukumati bilan bog‘lanib, ularni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ogohlantirgan. Odatda, razvedka ma’lumotlari mamlakatlar bilan, hatto ittifoqchi bo‘lmagan davlatlar bilan ham almashinib turiladi. Ayniqsa, bu tinch aholiga qilinadigan hujumlar bilan bog‘liq bo‘lsa.

 “AQSH hukumati o‘zining uzoq yillik “ogohlantirish burchi” siyosatiga ko‘ra tegishli ma’lumotlarni Rossiya rasmiylari bilan o‘rtoqlashgan edi”, deydi AQSH rasmiysi hujumdan keyin bergan bayonotida.

Ammo Moskva ogohlantirishlarni rad etdi

Teraktdan uch kun oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) boshqaruv kengashida nutq so‘zlagan edi. U xavfsizlik xizmati rahbarlariga birinchi navbatdagi vazifa “maxsus harbiy operatsiyani” (Putin Ukraina bilan urushni shunday ataydi) qo‘llab-quvvatlash ekanini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina “terrorchilik taktikasi”ga o‘tgan. Putin, shuningdek, Rossiya ichidagi ehtimoliy hujumlar haqidagi bayonotga to‘xtalib, buni G‘arbning "provokatsion bayonotlari" va “to‘g‘ridan to‘g‘ri shantaji” deb atagandi.

"Shuningdek, yaqinda G‘arbning bir qator rasmiy tuzilmalarining Rossiyada teraktlar sodir etilishi mumkinligi haqidagi so‘nggi, ochig‘ini aytganda, provokatsion bayonotlarini eslatib o‘taman. Bularning barchasi ochiqdan ochiq shantaj va jamiyatimizni qo‘rqitish va beqarorlashtirish niyatiga o‘xshaydi", degan edi u.

Ba’zi siyosatchilar teraktda Putinni ayblamoqda

AQSH axborot agentligi “Associated Press”ning yozishicha, Putin chorak asrlik hokimiyati davrida birinchi marta o‘z maqsadlariga erishish uchun xavfsizlik xizmatlarining harakatsizligidan foydalanishga urinayotgani yo‘q. 71 yoshli sobiq KGB zobiti 1999 yil so‘nggida Rossiya qo‘shni Checheniston bilan urush olib borayotgan vaqtda hokimiyat tepasiga kelgan. U hech qanday dalil yo‘qligiga qaramay, chechenlarni Rossiyadagi bir qator turar joy binolarini portlatishda ayblab, “terrorchilarni” yo‘q qilishga va’da bergan va Chechenistonni bombardimon qilishni buyurgan. 

Ba’zi Kreml tanqidchilari 1999 yildagi portlash Rossiya xavfsizlik idoralari tomonidan uyushtirilgan, Putinning yuksalishiga va Chechenistondagi urushni jadallashtirishga qaratilgan soxta operatsiya ekanini da’vo qiladi. Garchi bu da’volar hech qachon isbotlanmagan va Kreml rasmiylari hamda Putin tomonidan qat’iyan rad etilgan bo‘lsa-da.

Rossiya ayblovlariga javoban Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yuqoridagi voqealarga ishora qilib, Moskvada bo‘lgan teraktda Putinning o‘zini aybladi. Ko‘plab siyosatchilar terroristlar qanday qilib bu darajada halokatli hujum tashkillashtirgani va politsiyaning hech qanday qarshiligisiz “Krokus”ni tark etganidan hayratda ekanini aytmoqda.

“Ro‘y bergan voqeaning o‘ziga xosligi shundaki, Rossiyada birinchi marta bunday miqyosdagi terakt paytida xavfsizlik kuchlari hech qanday tarzda terrorchilarning harakatini to‘xtata olmadilar: terroristlar binoga bemalol kirib kelishdi, ko‘plab odamlarni o‘ldirdi, yarador qildi va tinchgina qirg‘in joyini tark etdi. Xavfsizlikni kuchaytirish yillari va trillionlab rubllar behuda ketdi”, deb yozadi siyosiy tahlilchi Vladislav Inozemsev.

O‘tgan oy Rossiyadagi jazo koloniyasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning sherigi, jurnalist Mariya Pevchixning aytishicha, xavfsizlik idoralari “siyosatchilar, faollar va jurnalistlarga qarshi kurash bilan juda band, shuning uchun ularda terrorchilar bilan ishlashga vaqtlari qolmagan”.

Britaniya rasmiylari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi terakt bahona Ukrainaga qarshi urushni kuchaytirishidan xavotir bildirdi. Britaniya parlamenti deputati, tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Alisiya Kerns Rossiya ommaviy axborot vositalari allaqachon Ukrainani ayblash va Putinni Ukrainadagi urush jinoyatlarini himoya qilishni boshlab yuborganini aytdi.

E’tiborlisi, Rossiyadagi Telegram-kanallarda barcha gumonlanuvchilarning qo‘lga olinish jarayoni aks etgan videoyozuvlar tarqatilgan.

Z-blogerlar tomonidan sizdirilgan videolardan birida Faridun Shamsiddin qotillikni "pul uchun" sodir etganiga iqror bo‘layotgani aks etgan: o‘zining aytishicha, bu ish uchun unga yarim million rubl va’da qilingan. So‘roq videosi RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan tomonidan tarmoqdagi sahifasiga joylangan. Qizig‘i, ijtimoiy tarmoqlarda dastlabki video olinishidan oldin unga savollarga qanday javob berishi lozimligi o‘rgatilayotgani aks etgan boshqa video ham paydo bo‘lgan.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun yana bir daxmaza

Sodir bo‘lgan mudhish hodisada tojikistonlik muhojirlar qatnashgani haqida xabarlar tarqaldi. Bir nechta Tojikiston fuqarolari qo‘lga olinib, tergov qilindi.

O‘zbekistonlik sobiq deputat, Ekologiya vazirligining vazir maslahatchisi Rasul Kusherboyev teraktda muhojirlar ishtirok etgani haqidagi xabar ortidan reydlar kuchayishi mumkinligini aytdi:

“Afsus, biz xavotir olgan holat sodir bo‘ldi, ya’ni bu jarayonda kutilmaganda migrantlarning ishtirok etib qolganligi ko‘p muhokama qilinyapti. Buning natijasida migrantlarni nazorat qilish, reydlar o‘tkazish masalasi ko‘tarilyapti va katta ehtimol bilan Rossiyada mehnat qilib yurgan muhojirlarni siquvga olish, ularni qamoqqa tashlash holatlari ko‘payib ketishi mumkin”, deydi Kusherboyev.  

Kusherboyev migrantlarga tavsiyalar berar ekan, ularni doimo hujjatlarini o‘zi bilan olib yurishga chaqirdi:

“Til bilmasangiz (rus tili) biladigan tanishlaringiz bilan birga yuring. Tushunib-tushunmasdan bo‘yningizga bir narsalarni olib qo‘ymang. Yana nazorat kuchayadi. Hujjatlaringizda kamchilik bo‘lsa to‘g‘rilab qo‘ying”, deya muhojirlarga murojaat yo‘llagan.

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining kattagina qismi ushbu voqealardan so‘ng Rossiya hukumati migrantlarni Ukraina bilan kechayotgan urushga yuborishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Ro‘y bergan hodisalar fonida 23 mart kuni Putin urushga borishga rozi bo‘lgan mahbuslarni jazodan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

#rossiya #terakt #moskva #putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar