Moskvada o‘zbekistonlik yigit o‘g‘irlab ketildi. Xavfsizlik kuchlari uni Toshkentga yuborgani aytilmoqda

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Rossiyada o‘zbekistonlik qochqin yigit izsiz g‘oyib bo‘ldi. Uning ismi Shohrux Bozorov, yoshi 34 da. U O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan va so‘nggi yillarda Yevropa sudi himoyasida bo‘lgan

Keyinroq, ma’lum bo‘lishicha, u va bir nechta vatandoshlari Rossiyada bir xonadonda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan vaqtda hibsga olingan. 

Bozorov bilan ustachilik qilayotgan hamkasblarining aytishicha, ularni politsiya xodimlari Moskvaning Meshan rayonidagi politsiya bo‘limiga, biroq Bozorovni darhol alohida avtomobilga solib, noma’lum tomonga olib ketgan.

“26 may kuni ertalab soat 7:00 larda biz ishlayotgan kvartiraning eshigini sariq kombinezon kiygan kimdir taqillatdi. Eshikni ochishimiz bilan taxminan 7-8 nafar politsiya xodimi bostirib kirdi va qo‘llarimizni qayirib, Meshan rayonidagi politsiya bo‘limiga olib ketdi. Ular bizni 17:30 gacha ushlab turdi va keyin qo‘yib yubordi. Lekin Shohruxni qayerga olib ketishganini biz bilmaymiz. 

Ulardan biri fuqaro kiyimida edi. O‘sha bizga Shohruxni qayerdan tanishimiz va uning advokati to‘g‘risida so‘radi. Biz odatdagidek ishlayotgan edik. Shohrux hech qachon bizga muammolari borligi haqida aytmagan. Uning ayoli va farzandlari Qozonda qolgandi”, deydi Bozorovning hamkasblaridan biri. 

Bozorovning advokatlaridan biri Bahrom Hamroyev uning mijozini o‘g‘irlashda Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirok etganini aniqladi. Boshqa advokat Timofey Shirokov esa Bozorov, allaqachon, Toshkentga olib ketilganinidan xabar topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot kotibining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura tomonidan fuqaro Shohrux Bozorovni O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya kilish borasida Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlariga so‘rov yuborilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, Shohrux Bozorov O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining 159-moddasi “Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz” va 244-moddasi “Jamoat xavfsizligiga tahdid” moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, mijozining ikki akasi O‘zbekistonning Birinchi Prezident Islom Karimov davridan beri xuddi shu moddalar bo‘yicha qamoqda saqlanmoqda.

O‘zbekiston hukumati 2017 yildayoq Shohrux Bozorovni Rossiyadan ekstraditsiya qilish qaroriga erishgan edi, biroq Yevropa sudi unga nisbatan 39-sonli qoidani qo‘llagan: agar qabul qiluvchi davlatda odamga nisbatan biron bir xavf mavjud bo‘lsa, unda sud ekstraditsiyani taqiqlaydi.

Shohrux Bozorovga 2017 yildan beri advokatlik qilib kelayotgan Timofey Shirokovga ko‘ra, Shohruxni o‘z Vatanida qamoq jazosi va qiynoqlar kutmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

772

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing