Moskvada migrantlarga elektron guvohnoma beriladi

Olam

image

Rossiya poytaxti Moskva shahrida 2025 yildan boshlab migrantlarga elektron shaxsiy guvohnoma beriladi va ushbu hujjatda ularning barcha ma’lumotlari qamrab olinadi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyaninga tayanib, TASS xabar berdi.

“Migratlar uchun kelasi yildan boshlab eksperiment tartibida federal qonunga asosan elektron pasport joriy qilinadi. Xorijiy fuqaroning elektron guvohnomasida barcha ma’lumotlar bo‘ladi: qachon kelgani, biometrik ma’lumotlari, qayerda ishlashi, qayerda doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatda turgani va hokazo”, dedi Sobyanin.

Sobyaninga ko‘ra, politsiya reyd o‘tkazganda ushbu ma’lumotlarni tekshirish uchun maxsus qurilma ishlatadi. Shuningdek, migratlarning hujjatlari orasida birinchi bo‘lib elektron pasporti tekshiriladi.

“Politsiya bu ma’lumotlarni gadjetiga o‘rnatganidan so‘ng, agar u qidiruvda, mamlakatda qolish muddati tugagan yoki migratsiya tartibini buzgan bo‘lsa, ularni qo‘yib yubora olmaydi”, deya ta’kidlaydi u.

Sobyaninning qo‘shimcha qilishicha, 2025 yilda eksperiment doirasida Moskva aviatsiya markazida vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolarni ham qamrab olgan holda biometrik nazorat joriy qilinadi.

“Moskva aeroportiga kelgan vizasiz davlatlar fuqarolari biometrik nazoratdan o‘tadi – suratga olish, barmoq izlari olinadi. Buning uchun federal qonun qabul qilindi va shu tajribani o‘tkazish imkoniyati taqdim etildi. Hozir Prezidentning topshirig‘i bilan hukumatda tegishli qaror ko‘rib chiqilmoqda”, dedi u.

Sobyaninning ta’kidlashicha, barcha kelayotgan fuqarolarning biometrik ma’lumotlar bazasi orqali Rossiya jinoyatlarni ochishda yangi darajaga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi yalpi majlisida migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kirituvchi 3 ta o‘zgarishni ma’qullagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Moskva elektron guvohnoma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing