Moskva milliarderlari soni bo‘yicha dunyoda 2-o‘ringa chiqdi

Bu qiziq

image

Rossiya poytaxti Moskva Gonkongni ortda qoldirib, AQSHning Nyu-York shahridan keyin dunyoda milliarderlar eng ko‘p yashaydigan ikkinchi shahar bo‘ldi. “Forbes” bu haqdagi yangilangan reytingni e’lon qildi.

Bir yil ichida Moskvadagi boylar soni 16 kishiga ko‘paygan (shundan 11 nafari – “yangi kelganlar”). 2025 yil 7 mart holatiga ko‘ra, shahardagi milliarderlar jami 90 nafarni tashkil etgan. Ularning umumiy boyligi 409 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu bir yil avvalgiga qaraganda 31 mlrd dollar ko‘p. Shu bilan birga, dunyo bo‘yicha barcha milliarderlardan iborat umumiy boylik 3,3 trln dollar deb baholangan. Moskvadagi eng boy odam – neft magnati Vagit Alekperov (28,7 mlrd dollar). Bu mablag‘ning yarmidan ko‘pi “Lukoyl”dagi ulushiga to‘g‘ri keladi – 2024 yilda Alekperov undan 2 mlrd dollardan ortiq dividend olgan. Oligarxning boyligi yil davomida 100 mln dollarga ortgan, garchi u 2022 yil aprelida Buyuk Britaniya va Avstraliya sanksiyalari tufayli “Lukoyl” prezidenti lavozimini tark etgan bo‘lsa ham.

Milliarderlari sonining keskin o‘sishi tufayli Moskva o‘tgan yili birgalikda ikkinchi o‘rinni bo‘lishgan Gonkongni ortda qoldirgan. Bu safar Gonkong uchinchi o‘rinni egallagan – u yerda 72 nafar milliarder bor. Reytingning doimiy yetakchisi Nyu-York – bir yil ichida 13 ta yangi milliarderga ega bo‘lgan. Endilikda shaharda 123 nafar milliarder yashaydi. Ularning umumiy sof boyligi 759 mlrd dollarni tashkil etadi. Eng badavlat nyu-yorklik – Maykl Blumberg (105 mlrd dollar).

2024 yilda butun Rossiyada milliarderlar soni g‘arb sanksiyalariga qaramay 125 nafardan 146 nafarga oshgan. Bu raqam dunyoning eng boy tadbirkorlari reytingi tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘lgan. Ularning 15 nafari reytingga ilk bor kiritilgan, yana 10 nafari qaytgan. Faqat 4 kishi ro‘yxatdan chiqqan.

Reytingga kirgan rossiyaliklarning umumiy boyligi ham tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan – 625,5 mlrd dollar. 2023 yilda bu raqam 576,8 mlrd dollar bo‘lgan. Bungacha rekord 2021 yilda, Ukrainaga bostirib kirishdan oldin qayd etilgan – 606,2 mlrd dollar.

Eng boy shaharlar o‘ntaligi va ulardagi milliarderlar soni:

  1. Nyu-York – 123;
  2. Moskva – 90;
  3. Gonkong – 72;
  4. London – 71;
  5. Pekin – 68;
  6. Mumbay – 67;
  7. Singapur – 60;
  8. Shanhai – 58;
  9. San-Fransisko – 58;
  10. Los-Anjeles – 56.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Forbes” nashri Alisher Usmonovni har yili tuziladigan dunyoning eng boy insonlari ro‘yxatiga qo‘shgani xabar qilingan edi. Reytingda boyligi 16,7 milliard dollarga baholangan tadbirkor “Forbes” milliarderlar ro‘yxatida ko‘p yillardan beri joy olib keladi. Joriy yilda u 144-o‘rindan 125-o‘ringa ko‘tarilgan. Mazkur o‘sish uning boyligi 3,3 milliard dollarga ortgani bilan bog‘liq.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Moskva Forbes N'yu-York Gonkong milliarder

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing