“Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” filmi yulduzi vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
25 dekabr 2025 8578 2 daqiqa
Bugun, 25 dekabr kuni mashhur sovet va rus aktrisasi Vera Alentova – Oskar mukofotiga sazovor bo‘lgan “Moskva ko‘z yoshlariga ishonmaydi” filmi qahramoni olamdan o‘tdi. Rossiya xalq artisti 83 yoshda edi. Bu haqda Pushkin nomidagi teatr matbuot xizmati xabar berdi.
Bungacha Vera Alentova aktyor Anatoliy Lobotskiy bilan xayrlashuv marosimida o‘zini noqulay his qilgan va tezkor ravishda shifoxonaga yotqizilgan.
“Buyuk baxtsizlik yuz berdi. Vera Valentinovna Alentova vafot etdi. U Pushkin teatrida 60 yil xizmat qilgan. Bizning qayg‘umiz cheksiz”, deyiladi teatr xabarida.
Ma’lumot uchun, Vera Alentova 1942 yilda Arxangelsk viloyati, Kotlas shahrida tug‘ilgan. 1961 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tgan va MXAT maktab-studiyasiga Vasiliy Markov kursiga qabul qilingan. Shu yerda turmush o‘rtog‘i Vladimir Menshov bilan uchrashgan. 1965 yilda Moskva drama teatri (Aleksandr Sergeyevich Pushkin nomidagi) trupasiga qabul qilingan va shu kungacha xizmat qilgan.
Aktrisa kinoda ko‘plab rollarni ijro etgan, mashhurlik esa 1979 yilda eri, rejissyor Vladimir Menshov tomonidan suratga olingan “Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” filmi bilan kelgan. 1981 yilda ushbu film “Eng yaxshi chet el filmi” nominatsiyasida Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u “Ertaga urush bo‘ladi”, “Shirli-Mirli”, “Orzular vaqti” kabi boshqa mashhur filmlarda rol ijro etgan. Aktrisaning eri 2021 yil yozida vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hindistonlik aktyor va siyosatchi – “Zita va Gita” filmi yulduzi Dharmendra 89 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi