Moskva Kiyevni ogohlantirdi
Olam
−
09 dekabr 2021
27497Ukraina sharqida tobora jiddiylashib borayotgan chegara bilan bog‘liq vaziyat soyasida rasmiy Kiyev tomonidan uyushtiriladigan har qanday provokatsiya yoki kuch ishlatishga urinish javobsiz qolmaydi. Bu haqda Rossiya bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov bugun, 9 dekabr kuni xorijiy davlatlar harbiy diplomatlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Ukrainaga vertolyotlar, uchuvchisiz havo dronlari va samolyotlarning yetkazib berilishi ukrain hukumatini keskin va xavfli qadamlar qo‘yish sari ruhlantirmoqda. Kiyev Minsk kelishuvlarini bajarmayapti. Ukraina qurolli kuchlari AQSH tomonidan yetkazib berilgan Javelin anti tank-raketa qurolli tizimini ishga tushirganini hamda Donbassdagi Turkiyanning uchuvchisiz razvedka – zarba beruvchi dronlaridan ham foydalana boshlagani haqida bong urmoqda. O‘z navbatida, bu mamlakat sharqidagi shundoq ham taranglashib borayotgan vaziyatni yanada yomonlashtirmoqda. Biroq Ukraina rasmiylarining Donbassdagi muammolarni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undovchi har qanday provokatsion harakatlariga Rossiya tomonidan javob bo‘ladi”, deya ogohlantirdi Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i.
Bundan tashqari Gerasimov, Rossiyaning Ukraina yerlariga bostirib kirishga urinishi haqidagi OAVda tarqalgan xabarlar asossiz ekanligini urg‘uladi. Unga ko‘ra, Ukraina bilan chegaradosh hududlarida olib borilayotgan harbiy harakatlar Rossiyaning ichki ishlari bo‘lib ushbu harakatlar haqida kimgadir ma’lumot berishga Rossiya majbur emas.
“NATO davlatlari Rossiya hududidagi qo‘shinlar harakatiga haddan ortiq e’tibor qaratmoqda. Jangovar tayyorgarlik davrida harbiy qo‘shinlarni bir joydan ikkinchisiga ko‘chirish har qanday davlat qurolli kuchlari uchun odatiy amaliyotdir. Milliy hududda olib borilayotgan harbiy harakatlar hech qanday ogohlantirish va izohni talab qilmaydi. OAVda Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi har qanday xabarlar asossiz”, deya qo‘shimcha qildi u o‘z bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, ikki davlat o‘rtasidagi chegara bilan bog‘liq jiddiy ziddiyatlar 2014 yil Ukrainaga qarashli Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi ortidan alanga olgandi. 2013 yil ukrain xalqi, prezident Yanukovichni Rossiyaga sotilganlikda va Rossiya bosimi ostida g‘arb bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni uzishga urinayotgalikda ayblab, Yevromaydon deb nomlangan hududga to‘planishgandi. Norozilik aksiyalari o‘tkazilishi ortidan mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida jiddiy to‘siqlar vujudga kelgan.
Yevropa ommaviy axborot vositalari va AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya o‘zining G‘arbiy chegara hududida 175 ming askar to‘plamoqda. Xalqaro hamjamiyat esa buni Ukrainaga tahdid sifatida baholamoqda. Ayni vaqtda kun tartibida turgan ushbu masala, 7 dekabr kuni Putin va Bayden o‘rtasida kechgan muloqotda ham muhokama qilindi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi