Monopol tashkilotlarga berilgan imtiyozlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. Yig‘ilish davomida monopol tashkilotlarga berilgan imtiyozlarni bekor qilish va inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda iqtisodiyotda imtiyozlardan samarali foydalanish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Masalan, imtiyozdan foydalangan 23 ta yog‘-moy korxonasida yangi ish o‘rinlari yetarlicha tashkil etilmagan.

Aksincha, parrandachilik va baliqchilik sohalarida raqobat muhiti yaratilgani natijasida so‘nggi 4 yilda parranda go‘shti yetishtirish 100 ming tonnadan 205 ming tonnagacha, baliq 65 ming tonnadan 122 ming tonnagacha ko‘paygan.

"Parrandachilik va baliqchilik uyushmalari monopoliyadan ozod qilingani natijasi sezilyapti. Tadbirkorlar o‘zini emin-erkin his qilib, harakat qilyapti. Narx va sifat jihatidan bozorga munosib tovar va xizmatlar chiqishi kerak. Raqobat bo‘lsa, aholining tanlash imkoniyati va sotib olish qobiliyati oshadi, odamlar rozi bo‘ladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar ham batafsil tahlil qilindi.

“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish haqida ko‘p gapiriladi, lekin amalda bu tizim to‘la tashkil qilingani yo‘q. Buni talab qiladigan muhit yo‘q, bilim yo‘q, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot yetishmaydi“, deydi davlat rahbari.

O‘tgan yilda iste’molchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi aloqa, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid bo‘lgan.

Bunga asosiy sabab – monopol korxonalar o‘z manfaatiga moslab hujjatlar ishlab chiqqan bo‘lib, ularda iste’molchilar manfaati to‘liq inobatga olinmagan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Qo‘mitani iste’molchilarning manfaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri himoya qiladigan xalq vakillik organi – Oliy Majlisga hisobdor etib belgilash masalasini ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing