Moliyaviy piramida bo‘lgan Whats platformasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
23 Oktabr
5024O‘zbekistonda odamlarni video ko‘rish orqali pul ishlashga ishontirib, ularni chuv tushirgan Whats platformasi tashkilotchilariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolar ishonchiga kirib, pullarini qisqa muddatga ikki baravarga ko‘paytirib berishni va’da qilgan holda Whats nomi bilan moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslar aniqlangan. Whats asoschilari platformada “qadamlarni” (steps) sotib olish uchun 120 dollardan 17 ming dollargacha pul tikishni, har bir taklif qilingan ishtirokchi uchun 12 foiz bonusga ega bo‘lishni, kunlik chet el filmlariga layk bosish orqali pul ishlashni taklif qilgan. Platforma targ‘iboti YouTube, Instagram, Telegram singari ijtimoiy tarmoqlarda faol olib borilgan. Turli viloyatlardagi mahalliy blogerlar va vaynerlarning Whatsʼga jalb qilish mazmunidagi videolari esa ushbu platformani yanada ommalashtirgan.
Olib borilgan tezkor texnik tadbirlar natijasida ushbu tarmoqli firibgarlik platformasini tashkil etgan hamda uni boshqa viloyatlarda ommalashtirish bilan shug‘ullangan holda ko‘plab fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlangan.
Bildirilishicha, Whats platformasi tashkilotchilari hamda uni moliyalashtirgan shaxslar borasida IIV tezkor qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi hamda joylardagi bo‘limlar xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida Buxoro shahrida joylashgan Markaziy savdo majmuasining 2-qavatida “Whats Bukhara” MCHJni tashkil qilib, fuqarolarga ushbu platformaga a’zo bo‘lish jarayoni, unda pul ishlash imkoniyatlari va boshqa yo‘nalishlarni targ‘ib qilib kelgan 1994 yilda tug‘ilgan shaxs aniqlangan.
Whats platformasi Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham ko‘plab mahalliy blogerlar tomonidan targ‘ib qilib kelingan. Firibgarlar Whats a’zolari sonini ko‘paytirish maqsadida kelib tushayotgan pullardan tez-tez ziyofatlar tashkil qilib, muhtojlarga ko‘maklashgan lavhalarini keng tarzda yoritib borgan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, joriy yilning 22 avgust kunidan hozirgacha Whats platformasi bo‘yicha ichki ishlar organlariga jami 500 nafardan ziyod fuqarodan murojaat kelib tushgan. Ularning zarari miqdori dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida, ayniqsa, ommalashgan AIF platformasining faoliyati o‘rganilib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari (Pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Shuningdek, jinoiy hodisani va jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash, shuningdek, tergov jarayonini tez va sifatli amalga oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining malakali tergovchilaridan iborat tergov guruhi tuzilgandi.
LiveBarchasi