Moliya vazirligining ayrim funksiyalari jamoat birlashmalariga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
05 avgust 2021
3613Kecha, 4 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Auditorlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5210-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq 2021 yil 15 avgustdan boshlab Moliya vazirligining auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish, auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va uning amal qilishini tugatish, auditorlarning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash funksiyalari auditorlarning jamoat birlashmalariga o‘tkaziladi.
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga asosan (MDH davlatlari, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, AQSH va boshqalar) auditorlarni sertifikatlashtirish bo‘yicha umumiy yo‘nalish mavjud bo‘lib, unda jamoat (o‘zini o‘zi tartibga soluvchi) tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Auditorlarning jamoat birlashmalariga malaka imtihonlarini tasdiqlangan tartib va reglamentga muvofiq o‘tkazish uchun mustaqil ravishda yoki birgalikda imtihon markazlarini tashkil etish va respublikaning barcha hududlarida auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini tashkil etish va auditorlar malakasini oshirish maqsadida hududlardagi tarmoqlarni rivojlantirish huquqlar taqdim etilmoqda.
Moliya vazirligi auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda auditorning malaka sertifikatini malaka imtihonidan o‘tmasdan berish uchun asos bo‘ladigan buxgalterlarning xalqaro sertifikatlari ro‘yxatini tasdiqlaydi, ularga malaka imtihonlarini tayyorlash va o‘tkazishda texnik va uslubiy yordam ko‘rsatadi hamda rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida imtihonlar o‘tkazish va natijalarni baholashning shaffofligini ta’minlovchi samarali auditorlarni sertifikatlash tizimini joriy etadi. Shuningdek, malaka imtihonlari, auditorlarning malakasini oshirish natijalari asosida axborot hamkorligini, auditorlik faoliyatining tashqi sifat nazoratini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshiradi.
Qaror bilan respublikaning barcha hududlarida auditorlik sohasida kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish maqsadida sohani rivojlantirish bo‘yicha 15 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. “Yo‘l xaritasi” uchta muhim yo‘nalishni qamrab olgan. Birinchi yo‘nalish respublika hududlarida auditorlik faoliyati sohasida mutaxassislar tayyorlash, auditorlar malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish va auditorlarning malakasini oshirishning ilg‘or uslublarni joriy qilish. Ikkinchi yo‘nalish auditorlik faoliyati sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va uchinchisi auditorlarni sertifikatlash bo‘yicha yangi tizimni joriy qilishning ahamiyatini tushuntirish ishlaridan iborat.
Respublika hududida auditorlik faoliyati sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashning ilg‘or usullarini joriy etish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedogoglarni o‘quv markazlarida auditning xalqaro standartlari bo‘yicha tezlashtirilgan tarzda o‘qitish jadvalini tasdiqlab boradi. Bakalavriat va magistratura mutaxassisliklarida auditning xalqaro standartlarini chuqur o‘rganishni nazarda tutuvchi yangilangan o‘quv dasturlari tasdiqlanadi.
Malaka imtihonlarini tashkil etish va tuzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, o‘quv dasturlari, shuningdek malaka imtihonlari natijalari jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Qarorning qabul qilinishi natijasida auditorlik kasbi nufuzini va auditorlik xizmatlari bozorida auditorlar sonini hamda yoshlarni auditorlik kasbiga qiziqishini oshishiga, auditorlik xulosalarini ishonchililigini ta’minlanishiga, auditorlarni sertifikatlashtirishda shaffof va zamonaviy malakaviy imtihonlarni o‘tkazilishini ta’minlashiga olib keladi.
LiveBarchasi