Moliya vazirligi davlat xaridlaridagi kamchiliklarni yashirishdan manfaatdormi? – senator Erkayev

Jamiyat

Moliya vaziri Timur Ishmetov bugun, 18 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining 35-yalpi majlisida hisobot topshirdi. Senator Abdurahim Erkayev Moliya vazirining hisobotidan qoniqmay, uning gaplari “eski hammom, eski tos” ekanini qayd etdi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, Moliya vazirligi vakolatli organ hisoblanadi. Men hisobotni diqqat bilan tingladim va taqdim etilgan hujjatlar bilan ham oldindan tanishib chiqdim. Mazkur hisobotlarda davlat xaridlari borasida asosan ijobiy ma’lumotlar aytilib, xato va kamchiliklar, mavjud muammolar hamda ularning yechimi bo‘yicha Moliya vazirligi nima qilmoqchi, qanday choralar ko‘rmoqchiligi qayd etilgan. Senatning o‘tgan majlislarida ham “Davlat byudjeti ijrosi” to‘g‘risidagi hisobotlarda daromadlar va xarajatlar, jumladan, davlat xaridlari to‘liq ochib berilmayotgani, ta’sir ishlari yetarli emasligi bir necha bor ko‘rsatib o‘tilgan edi. Bu galgi ma’ruzada yana o‘sha holat – “eski hammom, eski tos!” Bu yerda “Moliya vazirligi davlat xaridlaridagi kamchiliklarni jamoatchilik va Senatdan yashirishdan manfaatdormi?”, degan haqli savol paydo bo‘lmoqda”, deydi senator Erkayev.

Shuningdek, u Ishmetov hisobotidagi bir viloyatning o‘zida 10 ta holatda 403,4 mlrd so‘mlik shartnomalarni sun’iy ravishda qismlarga bo‘lib sotish uchun savdoga qo‘yilganini misol tariqasida keltirib, bu qonunlarga mutlaqo zidligini bildirdi.

“Yana 17 ta holatda 6,6 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narxdan yuqori narxda xarid qilish kabi xato va kamchiliklar aniqlanganini ko‘rish mumkin. Butun Respublika bo‘yicha ahvol bundan ham battar bo‘lsa ajab emas. Haqiqiy ahvolning qandayligiga Moliya vaziri izoh berib o‘tsin”, deya Timur Ishmetovga yuzlandi senator.

Uning savoliga javoban vazir Timur Ishmetov hisobotlarning yangi shakliga keyingi yildan o‘tmoqchiligini bildirdi. 

“Davlat xaridlaridagi kamchiliklarga keladigan bo‘lsak, nafaqat Moliya vazirligida, balki hukumatda hech qanday manfaat yo‘q. Buning isboti davlat xaridlari bo‘yicha portal yaratilgan va u ochiq. O‘sha portalda hamma ma’lumotlar bor. Lekin tanqidlardan so‘ng, biz tegishli xalqaro moliya tashkilotlarining yordamini olib bu portalni qayta ishlab chiqyapmiz. Portalni xalqaro andozalarga moslab, qayta ishlab chiqdik va u keyingi yilning 1 yanvaridan ishga tushadi”, dedi Timur Ishmetov.

Davlat xaridlaridagi kamchiliklarga oid savol javobiga Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev qo‘shimcha kiritar ekan, umumiy byudjet bajarilishi bo‘yicha xulosalarni keltirib o‘tdi.
“Yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida 5,8 foizga yetdi. Ayniqsa iqtisodiyotimizning drayveri bo‘lgan sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining ustuvor rivojlanishi ta’minlandi. Shuning natijasida davlat byudjeti ta’minlanishi va byudjet taqchilligining barqaror saqlanishiga (3,2%) olib kelindi”, dedi Gadoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing