Modi Ukraina va Rossiyani muzokaraga chaqirdi
Olam
−
23 avgust
2784Ayni paytda Ukrainada bo‘lib turgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni Moskva boshlagan urushni tugatish uchun Rossiya bilan muzokara o‘tkazishga rozi bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 23 avgust kuni Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
Jurnalistlar oldidagi qo‘shma nutqi chog‘ida Hindiston Bosh vaziri Kiyevga tinchlik xabari bilan kelganini aytib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muloqot o‘tkazish kerakligini bildirdi.
“Muloqot va diplomatiya orqaligina kelishuvga erishish yo‘lini topish mumkin. Va biz vaqtni boy bermasdan bu yo‘nalishda harakat qilishimiz kerak”, deya Modining so‘zlarini keltiradi “Reuters”.
Mamlakatining tinchlik tarafdori ekanini ta’kidlagan Narendra Modi Hindistonning Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushning birinchi kunidan beri betaraf bo‘lmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-Delhi bu betaraflikni saqlashga harakat qilmoqda.
Modining qayd etishicha, Hindiston G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamaydi va muntazam ravishda harbiy mojaroni muloqot yo‘li bilan hal etish tarafdori bo‘lib keladi.
“Gumanitar nuqtai nazardan qanday yordam talab qilinmasin, Hindiston har doim siz bilan bo‘ladi va sizni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi”, degan Modi Zelenskiyga.
Narendra Modi va Vladimir Zelenskiy Kiyev Milliy Ukraina tarixi muzeyida Rossiya hujumi oqibatida halok bo‘lgan bolalar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Ukraina va Hindiston yetakchilari “Bolalar” multimediyali xotirlash joyiga o‘yinchoqlar qo‘ydi.
Uchrashuv yakunida Modi Ukraina Prezidentini Hindistonga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Bosh vaziri Ukrainaga borgani xabar qilingandi.