Modi Rossiyadan neft sotib olmaslikka va’da berdi – Tramp
Olam
−
16 Oktabr 4124 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi unga Rossiyadan neft xarid qilmaslikka va’da bergan. Bu haqda Tramp kecha, 15 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda aytdi.
“Men Hindistonning [Rossiyadan] neft sotib olayotganidan norozi edim. Bugun u (Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi) menga Rossiyadan neft xarid qilmasligini tasdiqladi. Bu katta qadam. Endi biz Xitoyni ham xuddi shu ishni qilishga majbur qilamiz”, dedi Tramp.
Avgust oyi boshida Tramp Hindistondan kelayotgan tovarlarga qo‘shimcha import bojlarini joriy etish haqida farmoyishni imzolagandi. Yangi bojlar 25 foizni tashkil etdi. Ushbu qarorning sababi sifatida Tramp Hindistonning Rossiyadan neft xarid qilishni davom ettirayotganini ko‘rsatgan.
Bundan biroz oldin “The New York Times” va “Reuters”ning manbalarga tayanib xabar berishicha, Hindiston AQSH tomonidan bojlar va jarimalar tahdidiga qaramay, Rossiyadan neft sotib olishni davom ettiradi.
Sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida so‘zlagan Tramp Xitoy va Hindistonni Rossiya neftini xarid qilayotgani uchun Ukrainadagi mojaroning “asosiy homiylari” deb atadi.
AQSH, o‘z navbatida, “Katta yettilik” (G7) mamlakatlariga Xitoy va Hindistonga nisbatan Rossiya neftini xarid qilgani uchun 50 foizdan 100 foizgacha boj joriy etishni taklif qilgan. Shuningdek, Tramp Yevropa Ittifoqini ham Rossiyadan neft olayotgan bu davlatlarga bosimni kuchaytirish maqsadida Hindiston va Xitoydan keladigan tovarlarga 100 foizgacha boj joriy etishga chaqirgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa agar Hindiston Rossiya energiya manbalariga rad javob bersa, o‘zini zararga qo‘yishini aytgandi.
“Bu zararni turlicha hisoblashadi, ba’zilar bu 9–10 milliard dollarga yetishi mumkin, deyishadi. Agar rad etmasa – unga yuqori boj shaklida sanksiyalar qo‘llaniladi, bu ham zarar. Demak, har holda zarar bo‘lsa, uncha nimaga kerak rad etish?” degan Putin.
Live
Barchasi