Modi Putin bilan mashinada muzokara o‘tkazdi
Olam
−
01 Sentabr 7515 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bugun, 1 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida uchrashdi. Muzokaralar boshlanishidan oldin yetakchilar Rossiya delegatsiyasi qarorgohiga Aurus avtomobilida birga bordi va mashina ichida ham suhbatlashdi.
Putin va Modi dastlab SHHT sammitida birga qatnashgan, keyin esa Ritz-Carlton mehmonxonasidagi qarorgohga Rossiya yetakchisining mashinasida yetib bordi. Biroq qarorgohga yetib kelgach, rahbarlar mashinadan tushmadi va suhbatni bevosita uning kabinasida davom ettirdi.
“Ular mashinada ketayotganda gaplashishgan, keyin suhbatni mashinada davom ettirishgan, hozir esa delegatsiyaga qo‘shilishdan oldin ham shunday muzokaralarni davom ettirishmoqda”, dedi Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Keyinroq yetakchilar delegatsiya oldiga chiqib, qarorgohda rejalashtirilgan muzokaralarni boshladi. Suhbatni boshlar ekan, Putin uchrashuv SHHT sammiti – teng va ajralmas xavfsizlikni yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtiruvchi tashkilot – “bir chetida” o‘tayotganini ramziy ma’no deb atadi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar alohida imtiyozli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, savdo hamkorligi ijobiy dinamika ko‘rsatayotgani, turizm almashinuvi yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

“Biz xalqaro maydonda sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirmoqdamiz”, deya davom etdi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy uchrashuv turli yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir. Rossiya yetakchisi suhbatdoshiga murojaat qilar ekan, uni “aziz do‘stim” deb atadi. Modi ham xuddi shunday javob qaytardi. U Putin bilan uchrashuvlarning o‘ziga xos muhitiga e’tibor qaratdi, bu esa yetakchilarga turli masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini beradi.
Modi Putinga uning tashrifi Hindistonda intiqlik bilan kutilayotganini aytdi. Bosh vazir Hindiston va Rossiya eng og‘ir sharoitlarda ham doim yelkama-elka oldinga intilib kelganini eslatdi. Uning fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik global barqarorlikni ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
“Biz muntazam ravishda Ukrainadagi mojaro masalasi bo‘yicha fikr almashamiz”, deb davom etdi Modi va Hindiston tomoni tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni olqishlashini qo‘shimcha qildi. U buni “butun insoniyatning chaqiruvi” deb atadi.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Live
Barchasi