Modi oltin sotib olmaslikka va benzinni tejashga chaqirdi

Olam

image

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi fuqarolarni bir yil davomida zarur bo‘lmagan oltin xaridlaridan voz kechishga, yonilg‘ini tejashga va mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘proq tanlashga chaqirdi. U buni Haydarobod shahrida ommaviy mitingdagi chiqish nutqida aytdi.

Modining aytishicha, jahon iqtisodiyoti hozir beqaror davrni boshdan kechirmoqda. Turli davlatlar ta’minotdagi uzilishlar, narxlarning o‘sishi va xalqaro mojarolar oqibatlariga duch kelmoqda. Shu sharoitda Hindiston ortiqcha xarajatlarni qisqartirib, ichki iqtisodiyotni mustahkamlashi kerak.

Modi ortiqcha oltin xarid qilishdan voz kechish mamlakatdan xorijiy valyuta chiqib ketishini kamaytirishga yordam berishini ta’kidlagan. Shuningdek, u aholini benzin va dizel yonilg‘isini tejab ishlatishga chaqirgan.

Bosh vazir metro va jamoat transportidan ko‘proq foydalanish, karpulingni rivojlantirish hamda elektromobillarga faolroq o‘tishni ham taklif qilgan. Yuk tashish sohasida esa, uning fikricha, temir yo‘l transportiga ustuvor ahamiyat berish lozim. U COVID-19 pandemiyasi davri tajribasini ham eslab, yonilg‘i sarfini kamaytirish uchun masofaviy ish, onlayn-konferensiyalar va virtual uchrashuvlardan yanada kengroq foydalanish kerakligini taklif qilgan.

Hindiston hukumati rahbari fuqarolarga imkoni bo‘lsa, ortiqcha xorij safarlari va chet elda dam olishdan voz kechib, mamlakat ichida sayohat qilishni maslahat bergan. U aholini Hindistonda ishlab chiqarilgan poyabzal, sumka va boshqa kundalik mahsulotlarni sotib olishga ham chaqirgan. Modining ta’kidlashicha, bu yangi ish o‘rinlari yaratish va importga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi.

Bosh vazir ovqatlanish mavzusiga ham to‘xtalib, o‘simlik yog‘ini iste’mol qilishni qisqartirishni tavsiya qilgan. Uning fikricha, bu ham iqtisodiyot, ham aholi salomatligi uchun foydali bo‘ladi.

Modi qishloq xo‘jaligi vakillariga ham murojaat qilgan. U fermerlarga kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanishni 50 foizga kamaytirish va tabiiy dehqonchilikka faolroq o‘tishni taklifini bildirgan. Shuningdek, Bosh vazir sug‘orishda ishlatiladigan dizel nasoslarini quyosh energiyasida ishlaydigan tizimlarga almashtirishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon bozorlarida neft narxi keskin pasaygani va aksiyalar qiymati oshgani haqida xabar berilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

oltin benzin Modi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing