Mobiuz Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida 210 dan ortiq 4G stansiyasini ishga tushirdi
Biznes
−
09:17 260 2 daqiqa
Ushbu hududlarda 2026 yilning sakkiz oyi davomida o‘rtacha har 28 soatda bitta 4G LTE tayanch stansiyasi tarmoqqa ulandi.
Uchala viloyatda qurilish sharoitlari turlicha. Jizzax viloyati – bu zich joylashgan mahallalar, tuman markazlari va avtomobillar oqimi doimiy bo‘lgan trassalar demakdir. Sirdaryo viloyati ixcham, unda qishloq aholi punktlarining ulushi yuqori. Navoiy viloyatida esa asosiy qiyinchilik masofada: yarim cho‘l hududlar va viloyat markazidan bir necha soatlik yo‘lda joylashgan alohida qishloqlar mavjud.
Shu sababli, bir xil ob’ekt turli tumanlarda turlicha quriladi. Ishning o‘zi faqat montajdan iborat emas, balki logistika, kirish yo‘llarini tashkil etish, ruxsatnomalar olish va ilgari infratuzilma bo‘lmagan joylarga texnikani yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.
Qamrovning kengayishi internet iste’moliga ham ta’sir ko‘rsatdi. Avgust oyida yanvar oyiga nisbatan uchala viloyatdagi trafik hajmi 17 foizga o‘sib, haftasiga qariyb 3,2 million GBni tashkil etdi. Taqqoslash uchun: bu hajm HD sifatidagi taxminan 1,5 millionta filmga yoki 3 million soatdan ortiq videoga tengdir.
Aloqa ilk bor paydo bo‘lgan yoki barqarorlashgan joylarda mobil internetdan foydalanish hajmi ortib bormoqda. Dastlab, bu faqat messenjerlar va qo‘ng‘iroqlar hisobiga bo‘lsa, keyinroq videolar, ijtimoiy tarmoqlar, davlat va bank ilovalaridan foydalanish ham qo‘shiladi. Ya’ni, gap shunchaki ko‘ngilochar xizmatlar haqida emas, balki kundalik vazifalar – ma’lumotnoma olish, to‘lovlarni amalga oshirish, shifokor qabuliga yozilish, masofaviy ta’lim kabi ehtiyojlar haqida bormoqda.
Mavjud ob’ektlar bilan ishlash – bu alohida yo‘nalishdir. Bunga uskunalarni modernizatsiya qilish, ishlab turgan stansiyalar sig‘imini kengaytirish va yuklama ortgan sektorlarni qayta sozlash kiradi. Bunday o‘zgarishlar tashqaridan sezilmaydi: mahalla hududida yangi stansiya paydo bo‘lmasligi mumkin, biroq tig‘iz vaqtlarda aloqa sifati yuqori bo‘lib turadi.
Respublika bo‘ylab yangi ob’ektlarni qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Uzoq hududlardagi mahallalar, avtomobil yo‘llarining ayrim qismlari va asosiy trassalardan chetroqdagi aholi punktlari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Live
Barchasi