Mijozimning o‘zi ham yongan – “zam hokim”ni yoqib yuborgan tadbirkorning advokati
Intervyu
−
31 iyul 2019
10784Avvalroq, saytimizda yakkabog‘lik tadbirkor Bahriddin Isomovning o‘g‘li Sharofiddin Daminov bilan suhbatni e’lon qilgan edik. U otasining ahvoli va tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning yoqib yuborilishigacha bo‘lgan vaziyat haqida so‘zlab bergandi.
QALAMPIR.UZ muxbiri Bahriddin Isomovning advokati Muzaffar Odilov bilan suhbatlashdi. U bizga Mansur Tuymayevning yoqib yuborilishi hodisasini tadbirkorning aytganlari bo‘yicha so‘zlab berdi.
“O‘sha kuni Isomovning qo‘liga benzinni profilaktika inspektori Jasur ismli shaxs bergan. Bahriddin Isomov buldozerni ustimdan haydab o‘t-da, keyin do‘konimni buz deb, turganda hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayev buldozer bilan do‘konning zinalarini 5-6 martta urgan. Do‘kon ichida esa odamlar bo‘lgan.
“Men o‘lishgayam roziman lekin o‘sha paytda o‘zimni o‘zim boshqarolmay qoldim ko‘z oldimda oilam va do‘konim turgandi”, dedi mijozim. Uning aytishicha, buldozerni yoqish orqali buzishga kelganlarni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan. Bu ishni qanday qilganini ham anglamagan. Cho‘ntagidan ishlamaydigan yondirgich olib, yoqishga uringanda uchqundan qo‘li yona boshlagan. Isomov keyin qo‘lini buldozerga tekkizgan. Buldozer olov olgan va uchqun buldozer saloniga sachragan. Hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayev shu kuni mast bo‘lgan. Do‘konni buzaman deb, turgan odamlariyam uning yonida edi. Hokim o‘rinbosari mast bo‘lganini buyniga olgan. Tartib bo‘yicha Isomov ekspertizaga 3-4 kishi yig‘ilgandan so‘ng ikki haftada shifoxonaning ichidagi 13-bo‘limga olib borilgach, mutaxassislar bilan suhbat o‘tkaziladi. Shu yo‘l bilan ekspertizadan o‘tgach, qaytib Jazoni ijro etish muassasasidagi tergov izolyatoriga olib kelinadi. Bunga 10-15 kun yoki bir oy ketishi mumkin”, deydi Muzaffar Odilov.
Advokat Bahriddin Isomovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish uchun Bosh prokuror qabuliga kirmoqchi ekanini aytib o‘tdi.
“Ehtiyot chorasini o‘zgartirish uchun Bosh prokurorning oldiga kirmoqchiman. Hokim o‘rinbosari qanday tan jarohati olganiga qarab, uni kuyganlik darajasini aniqlashmagan. Lekin ko‘p joyi kuymagan. Qo‘li va yuzi ozgina kuygan. Bu yerda qo‘l ko‘tarish bo‘lmagan, jarohat izlari yo‘q.
Bundan tashqari oila a’zolari jumladan xotini va o‘g‘li bilan uchrashtirilgan. Uchrashuvlar tergovchining ruxsati bilan amalga oshirilgan. Hozir o‘g‘li Yakkabog‘da”, deb ta’kidladi Odilov.
Advokatga ko‘ra, do‘konni buzishga kelishdan oldin Isomov buldozer egasiga agar buzadigan bo‘lsang, traktoringni yoqib yuboraman degan.
“To‘g‘ri buzish noqonuniy bo‘lgan. Hech qanday qaror yo‘q. Qarorni sud chiqarishi mumkin va qaror chiqsa, majburiy ijroga beriladi. Keyin ijro qonuniy buzadi. Unga hech kim qarshilik qilolmaydi. Buldozer egasi men buzmayman deb aytgan ekan. Keyin Tuymayev rulga o‘tirgan. Ichkarida tazyiq o‘tkazish, urish holati bo‘lmagan. Qo‘lidagi kuygan jarohatlar sekin bityapti, deydi advokat Muzaffar Odilov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 iyul kuni soat 17:30 larda 1976 yilda tug‘ilgan Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev. “Hisor Sarlochin” MCHJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro Baxriddin Isomov o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, Mansur Tuymayevning yuz qismiga yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini sepib, uni yoqib yuborgan. Ruy bergan voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan.
27 iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov “Eski Yakkabog‘” qo‘rg‘onida bo‘lib, holat yuzasidan viloyat mas’ullari bilan muloqot qilgan. Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni beton g‘ishtdan qurilgan bino ekanini ta’kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas’ullari ishini qoralagan. Tuman hokimi, voqea “qahramoni” Tuymayev hamda tuman prokurori ishdan olingan.
Hozirda hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayevga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Bahriddin Isomov esa Toshkentga ekspertizadan o‘tish uchun Toshkentga keltirilgan hamda hozirda Zangiota tumanidagi jazoni ijro etish muassasalaridan biridagi birinchi sonli tergov izolyatorida saqlanmoqda. Isomovning advokati Muzaffar Odilov B. Isomov saqlanayotgan tergov izolyatorida bo‘lib, u bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lgan.
LiveBarchasi