Karantin sabab “yangi mehmon” uyga o‘zgacha tarzda kuzatildi

Jamiyat

image

Kecha, 15 aprel kuni Navoiy viloyatida yangi tug‘ilgan chaqaloq tug‘ruqxonadan noodatiy tarzda uyiga kuzatilib qo‘yildi. Bu haqda Navoiy viloyat IIB Axborot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, yangi mehmonning dadasi shaharda avtotransport harakati cheklanganligi sabab ayoli va yangi tug‘ilgan farzandini tug‘ruqxonadan olib chiqishda muammoga duch kelgan. Shundan so‘ng chaqaloq IIB xizmat mashinasida uyga yetkazilgan.

"Joriy yilning 15 aprel kuni Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Rustam To‘layev “Sevimli” kanali Navoiy viloyati muxbiriga telefon orqali murojaat etib, yaqin kunda farzandli bo‘lganligini, ayni paytda turmush o‘rtog‘i hamda chaqaloq viloyat tug‘ruqxonasidan chiqishiga ruxsat etilgani, biroq karantin muddatida shahar ko‘chalarida avtotransport vositalari cheklanganligi munosabati bilan yo‘l uzoqligi sababli farzandi hamda turmush o‘rtog‘ini yashash xonadoniga olib kela olmayotganligini ma’lum qilgan.

Rustam To‘layevning muammosiga viloyat IIO xodimlari ijobiy yechim topib, og‘irini yengil qildi. PPX batalyoni 1-otryad komandiri, mayor Mahmud Shodiyev hamda PPX batalyoni xodimi, katta serjant Javohir Yahyoyevlarning ko‘magi tufayli “yangi mehmon” noodatiy tartibda yashash xonadoniga sog‘-salomat olib borildi", deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu xizmatdan chaqaloqning ota-onasi, Rustam To‘layev hamda Dildora Araboyevalar mamnun. Mayor Mahmud Shodiyev hamda katta serjant Javohir Yahyoyevlarning karantin muddatidagi ushbu noodatiy xizmati e’tirofga loyiqligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida joriy yilning 30 mart kunidan boshlab maxsus ruxsatnomasiz avtomobil boshqarish taqiqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

IIB Karantin

Baholaganlar

185

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing