Mirziyoyevni haqorat qilgan 18 yoshli yigit jazolandi
3-sahifa
−
10 Oktabr 13529
Instagram’da O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni haqoratlab izoh qoldirgan 18 yoshli yigit jazolandi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yashovchi 18 yoshli sudlanuvchi o‘ziga tegishli Instagram profili orqali O‘zbekistonning Birinchi va amaldagi Prezidentlari tasvirlangan fotosurat ostida Shavkat Mirziyoyevga nisbatan haqoratomuz mazmundagi izoh qoldirgan.
Sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, izohda Prezidentga qarshi qaratilgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, obro‘sizlantiruvchi fikrlar, g‘oyalar va so‘zlar mavjudligi aniqlangan.
Nima uchun bunday izoh qoldirgani va maqsadi nima bo‘lgani haqidagi savolga sudlanuvchi hech qanday maqsad bo‘lmagani, izohni o‘ylamasdan yozganini aytgan. U aybiga to‘liq iqrorlik bildirgandi.
Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 158-moddasining 3-qismi (O‘zbekiston Prezidentini internetdan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) bilan aybli deb topib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Shuningdek, uning zimmasiga quyidagi qo‘shimcha cheklovlar yuklatildi:
Alkogolli ichimliklar iste’mol qiladigan va ko‘ngilochar joylar (kafe, bar, restoranlar)ga bormaslik;
- ommaviy tadbirlar (namoyishlar, mitinglar)da ishtirok etmaslik;
- jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik;
- mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent viloyat hududidan tashqariga chiqmaslik.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Omonbek Yusupov Bakudan Toshkentga ekstraditsiya qilingandi.
Live
Barchasi