Mirziyoyevga temir yo‘l sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berildi

Jamiyat

image

Afg‘onistondagi murakkab vaziyatga qaramay, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasi bo‘yicha sezilarli siljishlar bor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Kecha, 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasidagi yirik xalqaro loyihalarning amaldagi holati va kelgusi rejalar yuzasidan axborot berilgan.

Mamlakat uchun transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, jahon bozorlariga tez va erkin chiqish juda muhim. Shu bois davlatimiz rahbari xalqaro anjumanlarda bu masalani doim ko‘tarib, amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qo‘shni va manfaatdor mamlakatlar bilan “til topishib”, loyihalar jadallashtirilmoqda.

Ulardan biri 454 kilometrlik “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li qurilishidir. Ma’lumki, joriy yil 14 sentyabrda Samarqandda bu loyiha bo‘yicha uch tomonlama Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Noyabr oyida Xitoyning “Birinchi loyiha-tadqiqot instituti” tomonidan dala tadqiqot ishlari olib borilgan.

Hisobot davomida rejadagi ishlar to‘g‘risida ham aytib o‘tilgan. Xususan, Bishkek shahrida loyiha ofisi tashkil etiladi. Loyihani boshqarish uslubi va tartibi muhokama qilinadi. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Umuman, 1 iyungacha loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash rejalashtirilgan.

Sohadagi yana bir mintaqaviy loyiha “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lidir. Xususan, joriy yil yozda Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahridan Pokistonning Torxam shahrigacha tadqiqot ekspeditsiyasi o‘tkazilgan.

Qayd etilganidek, loyiha doirasida 765 kilometr temir yo‘l qurilishi mo‘ljallanmoqda. Kelgusi yili bu bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etish, xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish, investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shulardan kelib chiqib, loyihaning texnik-iqtisodiy asosi tayyorlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu rejalarni ma’qullab, hamkor mamlakatlar bilan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Bu ikki temir yo‘lning qurilishi O‘zbekistonning transport kommunikatsiyalarini diversifikatsiya qilib, logistika imkoniyatlarini karrasiga kengaytiradi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

90

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing