Mirziyoyevga Tataristonning “Do‘stlik” ordeni berildi
Olam
−
24 Oktabr
2465Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahriga tashrifning birinchi kunida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixonov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Tatariston bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasi va faol gumanitar almashinuv o‘zining amaliy natijalarini berayotgani qayd etildi. Faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni davom ettirish, O‘zbekiston hududida qo‘shma iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston rahbarini Tatariston Respublikasining davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mukofotni Tatariston Raisi Rustam Minnixonov tantanali ravishda topshirdi. Prezident ushbu orden bilan O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofotlangan.
Mirziyoyev Tatariston rahbariga mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini qayd etdi hamda Tatariston xalqiga tilaklarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahridagi BRICS sammitida ishtirok etayotgan delegatsiyalar rahbarlarini qutlash marosimida ishtirok etgandi. “Kazan Expo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida Mirziyoyevni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kutib olgandi.