Mirziyoyeva sudlov mexanizmi erkaklar va amaldorlarga kelganda to‘xtab qolayotganini aytdi

Jamiyat

image

Ayni kunlarda samarqandlik 25 yashar kelinning 8 yildan buyon turmush o‘rtog‘i tomonidan tahqirlanishi ortidan O‘zbekiston jamoatchiligi o‘rtasida gender tengligi masalasi yana kun tartibiga chiqqan. Shuningdek, jurnalistlarga nisbatan ta’qib ham asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi. 

Ushbu holatlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, sudlov mexanizmi amaldorlarga kelganda o‘z kuchini yo‘qotmoqda. 

“Xotin-qizlar va jurnalistlarga nisbatan sudlov mexanizmi tezkor va shiddatli bo‘lib, bor kuchi bilan ishlayotganini ko‘rish men uchun og‘ir. Erkaklar va amaldorlarga kelganda bu tizim ko‘pincha to‘xtab qoladi. Bir vaqtning o‘zida haqoratlarga munosib javob uchun ozodlikdan mahrum qilish va sakkiz yillik xo‘rlik ostida yashaganlarni yarashuv bilan “jazolash” mumkin emas. Qiz bolaga ojiza va itoatkor bo‘lgani uchungina buyumdek qarash, dili og‘rigan-og‘rimaganini uning uchun hal qilish mumkin emas. Shaxsiy fikri uchun ta’qib qilish mumkin emas. Agar biz adolat tarafdori bo‘lsak, qonun ikkala tomon uchun bir xil ishlasin. Agar biz baxtli mamlakatda yashashni istasak, ayollarni erkaklar prioritetlaridan, jurnalistlarni esa bosimdan himoya qilishimiz kerak.

Ayollarga kelsak: qo‘limizda bola bo‘lganida, har bir jabhada erkaklar bilan tenglashish biz uchun shundoq ham qiyin, har birimiz farzand tug‘ilganida kareramizning bir necha yilini yo‘qotamiz. Shunga qaramay, ba’zan bizga yana ayblov ham qo‘yishadi”, deydi Saida Mirziyoyeva. 

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva joriy yilning 24 iyul kuni uchinchi farzandini dunyoga keltirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

273

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing