Mirziyoyev Jiddaga yetib bordi
Jamiyat
−
18 iyul 2023
13893Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi.
Jidda shahrining xalqaro aeroportida Mirziyoyevni Makka mintaqasi hokimi o‘rinbosari shahzoda Badr bin Sulton Ol Saud va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Jidda shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.
Sammitning asosiy tadbirlari – “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi davlat rahbarlari yig‘ilishi hamda ikki tomonlama muzokaralar ertaga, 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni Podshohligi, Bahrayn Podshohligi, Qatar Davlati, Kuvayt Davlati, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon Sultonligi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari hamda kengashning Bosh kotibi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Kun tartibiga muvofiq, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning sammitda qatnashishi xabar qilingandi
LiveBarchasi