Mirziyoyev YeXHT bosh kotibi bilan uch yo‘nalishdagi hamkorlikni muhokama qildi
Jamiyat
−
17 noyabr 2022
4593O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) bosh kotibi Xelga Shmid bilan muzokara o‘tkazdi.
YeXHT bilan ushbu tashkilot faoliyatining uchta – iqtisodiy, siyosiy va gumanitar yo‘nalishlarning barchasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi vaqtda aloqalar faollashgani, ochiq va konstruktiv muloqot rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro hamkorlikka 30 yil to‘lgan joriy yilning o‘zida O‘zbekistonga YeXHTning amaldagi raisi Zbignev Rau va YeXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonov tashrif buyurdi. Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Parlament assambleyasi va YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili bilan samarali hamkorlik olib borilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha hamda 2026 yilgacha qadar davrga mo‘ljallangan Terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish strategiyasi doirasida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Suhbat davomida YeXHT tuzilmalarining ekspert ko‘magi, ayniqsa O‘zbekistonda demokratik islohotlarni davom ettirish va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalarida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va ekologiya yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, kichik biznes va ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb muammolari muhokama qilinar ekan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘on xalqining muhim gumanitar ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
LiveBarchasi