Mirziyoyev vodorod energetikasini rivojlantirish to‘g‘risida qaror imzoladi
Jamiyat
−
09 aprel 2021
2828Bugun, 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu qaror bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Energetika vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining:
• Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJ negizida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini;
• institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazini hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi va unga quyidagi vazifalar yuklandi:
• institut faoliyati tashkil etilishini muvofiqlashtirish;
• qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek ushbu sohalardagi istiqbolli loyihalar amalga oshirilishini ta’minlash;
• qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida zarur tadqiqotlar o‘tkazish hamda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish masalalarida vazirlik va idoralarga ko‘maklashish;
• qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish hamda ilmiy-texnikaviy loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash.
Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, ushbu sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda innovatsion loyihalar ishlab chiqish;
• qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodoroddan olingan energiyani elektr hamda issiqlik energiyasiga aylantirish hisobiga ulardan iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari va tarmoqlarida samarali foydalanish usullarini o‘rganish va joriy etish;
• qayta tiklanuvchi energiya va vodorodni ishlab chiqarish, yetkazib berish va ulardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va (yoki) ularni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar talablariga moslashtirish;
• ilg‘or davlatlarning mazkur sohalardagi ilmiy muassasalari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik o‘rnatish va ular ishtirokida tadqiqotlar tashkil qilish, shuningdek, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularda ishtirok etish;
• mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy izlanishdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizimni shakllantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash;
• qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod ishlab chiqaruvchi, ulardan foydalanuvchi hamda ushbu turdagi energiya bilan ishlovchi uskuna, qurilma va texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash.
LiveBarchasi