Mirziyoyev va Rahmon Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi 

Jamiyat

image

Bugun, 23 avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan.

“Shu bilan birga Afg‘oniston Islom Respublikasidagi hozirgi notinch vaziyatga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) davlat rahbarlarining videoanjuman shaklida o‘tadigan sammitida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Qayd etish kerakki, Tojikiston Respublikasi KXSHT a’zosi hisoblanadi. 

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing