Mirziyoyev va Xurelsux muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 iyun kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Unda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, xavfsizlik sohasida aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, yaqinda Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

Muzokara davomida Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘lgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilib, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, Mirziyoyev  o‘rta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.

Ma’lumot uchun, bugun O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari ikki mamlakat biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadilar. Ertaga Toshkentda mashhur “Morin Xuur” mo‘g‘ul orkestri ishtirokida san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘ksaroyda Mo‘g‘uliston Prezidenti rasmiy kutib olingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev muzokara Uxnaagiyn Xurelsux

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing