Mirziyoyev va Erdo‘g‘an bir-birini Ramazon hayiti bilan tabrikladi
Jamiyat
−
09 aprel
3385O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 9 aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda butun musulmon ummati uchun muqaddas Ramazon hayiti bilan bir-birini samimiy tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari qardosh O‘zbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
“O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbat davomida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal tus olgani, faol siyosiy muloqot olib borilayotgani, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Ikki mamlakat yetakchi korxona va kompaniyalarining kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashgan.
Bundan tashqari, muborak Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat va din arboblaridan tabriknomalar kelyotgani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Mirziyoyevga yo‘llangan qutlovlarda xorijiy hamkorlar O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga intilishini bildirmoqda.
Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
- Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;
- Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;
- Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev;
- Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;
- Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;
- Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon;
- Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;
- Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;
- Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;
- Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an;
- Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;
- Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy;
- Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;
- Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;
- Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid ol Nahayon;
- Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;
- Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad Ol Soniy;
- Kuvayt Davlati Amiri Shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;
- Marokash Podshohi Muhammad VI;
- Bahrayn Podshohi Shayx Hamad bin Iso Al Xalifa;
- Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;
- O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Al Said;
- Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Bashar Asad;
- Iroq Respublikasi Prezidenti Abdullatif Jamol Rashid;
- Bruney Dorussalom Davlati Sultoni Hassanal Bolkiyax;
- Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;
- Kuvayt Davlati valiahdi Mishaal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;
- Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;
- Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;
- Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy;
- Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.
Ta’kidlanishicha, Prezident nomiga qutlovlar kelishda davom etmoqda.
LiveBarchasi