Mirziyoyev va Aliyev “Ko‘ksaroy”da tor doirada uchrashuv o‘tkazdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Ko‘ksaroy” qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldik”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, 2025 yilni “O‘zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili” deb e’lon qilish va 20 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan kompleks dasturni qabul qilishga kelishib olindi. Tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga o‘tish, jumladan, uchinchi davlatlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan ko‘p tomonlama asosda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish, yer usti va havo transporti bo‘yicha tartib-taomillarni imkon qadar yengillashtirish, raqamli yechimlarni joriy etishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, hududlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. 2025 yilga mo‘ljallangan alohida Hududlararo hamkorlik rejasi, ikki mamlakat hududlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha sheriklik dasturini qabul qilish hamda navbatdagi Hududlar forumini Qo‘qon shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi “Ko‘ksaroy” davlat qarorgohida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Shuningdek, Forumlar saroyida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining faxriy unvonlarni berish to‘g‘risidagi tegishli Farmonlariga ko‘ra, Farrux Zokirovga Ozarbayjon xalq artisti va ozarbayjonlik Po‘lat Bulbulo‘g‘liga O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev Ko'ksaroy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing