Mirziyoyev saylovchilarga rahmat aytdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali qasamyod qilib, o‘z lavozimiga kirishgani haqida xabar bergan edik. 

Ayni paytda davlat rahbari nutq so‘zlamoqda. U so‘zi avvalida saylovchiilarga minnatdorlik bildirdi.

“Menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman”, deydi Mirziyoyev.

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga, madhiyaga va gerbiga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltirishini bildirdi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman”, dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bag‘ishlaganini ta’kidladi.

"Ushbu saylovda xalqimiz o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirib, Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. 

Mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va mas’uliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir marta tasdiqladi", deydi Mirziyoyev.

Prezident so‘zida davom etarkan, xalq unga yana bir bor katta ishonch bildirib, buyuk vatan taqdiri uchun butun mas’uliyatni ishongani uchun minnatdorlik bildirdi.

"Shu bilan birga, bugun yelkamga qanday ulug‘vor mas’uliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman.

Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va e’tibor uchun ko‘pmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta’zim qilaman", deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 iyul kuni o‘tkazilgan muddatidan avval prezident saylovida 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qasamyod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing