Mirziyoyev O‘zbekistonning XIX asrga kelib qaramlikka tushib qolishi sabablarini aytdi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2020
14054O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning o‘n tiqqizinchi asrga kelib qaramlikka tushib qolishi sabablariga to‘xtaldi. Bu haqda u 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida gapirgan.
“Ming afsuski, o‘n oltinchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo zaminida ichki urush va nizolar, hokimiyat uchun kurash avj oldi. Ayirmachilik va mahalliychilik kuchaydi, ma’rifat o‘rniga jaholat ildiz otdi. Natijada bir paytlar gullab-yashnagan o‘lkamizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi. Ilm-fan va tafakkur mash’ali so‘na boshladi. Yurtimizning o‘n to‘qqizinchi asrga kelib qaramlikka tushib qolishida ayni shunday salbiy holatlar asosiy sabab bo‘lgani hammamizga yaxshi ayon”, deydi Prezident.
Uning armon bilan ta’kidlashicha, O‘zbekistonda uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma’rifatparvar jadidlar amalga oshirishi mumkin edi. Chunki, ular butun umrini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan.
“Shu yo‘lda ular o‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma’rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar.
Bu davrda Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin va boshqa yana yuzlab ulug‘ insonlar milliy uyg‘onish va millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turdilar. Ular yangi usul maktablari bilan bir qatorda, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirishga qaratilgan gazeta-jurnallar, nashriyot va kutubxonalar, teatrlar tashkil etdilar.
Ming afsuski, jadid bobolarimiz o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yo‘l bermadi. Ma’rifat fidoyilari o‘sha davrning turli johil kimsalarining tuhmat-malomatlariga duchor bo‘ldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvg‘in va qatag‘on qildi. Shu tariqa milliy uyg‘onish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon bo‘lib qoldi”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Vatanistiqloli, xalqning ozodligi va erkinligi, obod va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov Prezident farmoniga binoan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
LiveBarchasi