Mirziyoyev umumxalq referendumi o‘tkazishni taklif qildi
Jamiyat
−
20 iyun 2022
11496O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazilishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda shunday taklif bildirdi.
“Albatta, xalqimizdan Komissiyaga kelib tushgan barcha muhim va dolzarb takliflarni bugun Sizlar bilan batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Men ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdim, xolos.
Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etaman”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etib, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega ekanini ta’kidlab, shunday dedi:
“Lekin, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Bu “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi.
Shunda har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi”.
LiveBarchasi