Mirziyoyev umuman jinoyat bo‘lmasligiga va’da bergan “uchastkavoy”ning unvonini oshirdi
Jamiyat
−
11 iyul 24253 2 daqiqa
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasiga borgandi. Ushbu tashrifi doirasida davlat rahbari umuman jinoyat sodir bo‘lmagani uchun katta leytenant unvoniga ega mahalla inspektoriga kapitan unvonini berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida Prezident tashrif buyurgan mahallada bu yil birorta ham jinoyat bo‘lmagan.
Taqdimot chog‘ida mahalla inspektori Prezidentga mahalla aholisi, ayol va erkak, yoshga doir ma’lumotlar, ko‘p qavatli uylar va doimiy qancha fuqaro yashayotgani, vaqtincha qancha kishi va ularning qanchasi qaysi viloyatdan ekani kabi ma’lumotlar jamlangan dasturni ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng, Prezident undan kelgusi yil jinoyat bo‘lmasligi uchun qaysi xonadonda qanday ish qilayotgani, qaysi xonadon va tashkilot uning uchun xavfli ekani haqida so‘ragan. Inspektor mahallada xavfli tashkilot va muammo yo‘qligini ta’kidlab, 2025 yilning oxirigacha hududda birorta jinoyat sodir bo‘lmasligiga va’da bergan.
Davlat rahbari inspektorning ushbu so‘zlaridan so‘ng, Bosh vazir Abdulla Aripov va Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga topshiriq berib, o‘sha vaqtning o‘zida katta leytenantga kapitan unvonini berdi.
“Agar har bir “uchastkavoy” shunday harakat qilsa, bizda jinoyat bo‘lmaydi. Unvonni ertaroq berishga huquqim bor. Jasorat bilan, ishonch bilan aytyapsan, hayotingni shunga bag‘ishlagansan. Mana senga o‘xshaganlarni tarbiya qilmoqchiman. Mana sen nazoratga olingan kadr bo‘lding. Kapitan bilan tabriklayman! Unvon bilan!” degan Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Toshkentdagi 24 soat uyg‘oq bo‘ladigan ko‘chani ko‘zdan kechirgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr