Mirziyoyev va Berdimuhamedov tor doirada uchrashdi. Prezidentlar nimalarni muhokama qildi?
Jamiyat
−
14 iyul 2022
7699O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bugun, 14 iyul kuni rasmiy kutib olish marosimidan keyin “Ko‘ksaroy” qarorgohida tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.
Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.
“Ular zamirida azaldan mustahkam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash rishtalari yotadi”, degan Prezident Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi Turkmaniston Prezidentini joriy yil mart oyida o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklagan.
“Donishmand turkman xalqi mamlakatdagi keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, sizga o‘z kelajagini ishonib topshirdi. Sizning bilim va tajribangiz, kuch-g‘ayratingiz va yetakchilik qobiliyatlaringiz ko‘zlangan barcha rejalarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishiga shubha yo‘q”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yuksak darajaga erishishga va Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos hissasini qayd etgan.
Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ijobiy sur’atga erishilganini mamnuniyat bilan ta’kidlagan.
“Shuni qayd etmoqchimanki, biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qat’iy, eng yaqin qo‘shnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz”, degan O‘zbekiston rahbari.
Turkmaniston Prezidenti mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomini yetkazgan.
“Siz Gurbanguli Myalikguliyevich bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlarning poydevorini qurdingiz va mustahkamladingiz, hamkorlikning puxta siyosiy va huquqiy asosini yaratdingiz. Bu galgi davlat tashrifimiz strategik sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlashga qaratilgan va men qo‘yilgan maqsadlarga erishishimizga ishonaman”, degan Serdar Berdimuhamedov.
Uchrashuv chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining istiqbollarini muhokama qilgan, alohida e’tibor savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport-tranzit imkoniyatlaridan foydalanishga qaratilgan.
Tomonlar hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ulkan salohiyat mavjudligini qayd etgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan. Markaziy Osiyoda qaror topgan ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik muhitini mustahkamlash muhim ekani ta’kidlangan.
Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidentini o‘ziga qulay vaqtda Turkmanistonga javob tashrifi bilan kelishga taklif etgan.
LiveBarchasi