Mirziyoyev Turkmanboshida “Arqadag‘” bilan uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
04 avgust 6224 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 avgust kuni Turkmanboshi shahriga borgach, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Berdimuhamedovni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi yuksak saviyada o‘tkazilayotgani bilan samimiy qutlab, uning kun tartibiga kiritilgan masalalar mintaqaning barqaror taraqqiyoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Do‘stlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik sur’ati ortib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, BMT konferensiyasi kun tartibi hamda joriy yil kuzda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash 600 million dollarni tashkil etdi. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya chuqurlashib bormoqda. Birgalikda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, faol hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlar davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi.
Live
Barchasi