Mirziyoyev To‘palang GESni ko‘zdan kechirdi

Jamiyat

image

Bugun, 16 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi To‘palang gidroelektr stansiyasiga borib, modernizatsiya ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari To‘palang GESning ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishgan. Shundan so‘ng manzilda To‘palang daryosi negizida gidro energetika quvvatlarini oshirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgan. 

Unga ko‘ra, kelgusi yillarda daryoning yuqori qismida qurilishi mo‘ljallangan 20 ta istiqbolli loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy quvvati 264 megavattga yetishi qayd etilgan.

Prezident bu ishlarni kengaytirib, har bir soy, imkoniyati bor har bir mahallada mikro GESlar barpo etish mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, davlat rahbariga Surxondaryoda ko‘mir qazib olish imkoniyatlari bo‘yicha axborot berilgan. Unda qayd etilishicha, hududda 82 million tonna ko‘mir zaxirasi aniqlangan. Bugungi kunda esa ularning faqat 541 ming tonnasi qazib olinayotgani, bu hajmni kelgusida 2 million tonnaga yetkazish kerakligi aytib o‘tilgan. Bundan tashqari, sohada mutaxassislar tayyorlash zarurligi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, To‘palang gidroelektr stansiyasi 2006 yilda ishga tushirilgan, o‘sha paytda unda jami 30 megavatt quvvatli ikkita agregat bo‘lgan.

Davlat rahbari 2019 yil aprelda bu yerga tashrif buyurganida, yana ikkita gidroagregat qurish yuzasidan topshiriq bergan. Shu tariqa avvaliga suv ombori to‘g‘oni qo‘shimcha 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish-montaj ishlari olib borilib, jami quvvati 145 megavattli ikkita agregat o‘rnatildi.

Buning natijasida To‘palang GESining umumiy quvvati 175 megavattga yetib, Chorvoq GESidan keyin mamlakatimizdagi ikkinchi yirik stansiyaga aylandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Shavkat Mirziyoev GES To'palang

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing