Mirziyoyev to‘qimachilik korxonalarining Yevropa bozoriga chiqishi uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi
Jamiyat
−
23 aprel 2020
4096Xabaringiz bor, bugun, 23 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik sanoati barqarorligini ta’minlash, pandemiyaning sohaga ta’sirini yumshatish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xomashyo yetishtirish va ishlab chiqarish zanjirida tannarxni kamaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatda yillar davomida paxta tolasining o‘zi eksport qilingani uchun uning narxi Liverpul kotirovkasiga bog‘langan edi. Aslida paxta tolasi Nyu-York birjasida sotiladi va uning narxi Liverpulnikidan 10 foizga arzon yuradi.
Bu to‘qimachilik mahsulotlari qiymati oshishiga ta’sir qilayotgani qayd etilib, mutasaddilarga paxta tolasi narxini xalqaro birja kotirovkasiga o‘tkazish yuzasidan topshiriq berildi.
Yig‘ilishda to‘qimachilik korxonalarining tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoit yaratish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Bu sohadagi tayyor mahsulotlarimiz eksporti asosan mintaqa bozoriga bog‘lanib qolgan. Eksportyorlar Yevropaga kirishi uchun 15 foiz boj to‘lash va 4 baravar ko‘p transport xarajati qilishga majbur bo‘lmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga Yevropa Ittifoqi bozorlari uchun “GSP+” maqomini olish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida mahsulotlarni “BSI” standartlari asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish kerakligi ta’kidlandi. Eksportyorlar xarajatlarini subsidiya qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.