Mirziyoyev To‘qayevni O‘zbekistonga taklif qildi
Olam
−
08 avgust
2084Bugun, 8 avgust kuni Oqo‘rda qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Majlis davomida Prezident Mirziyoyev bir qator ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligi ta’kidlandi. Muloqotlar natijadorligini oshirish, Parlamentlararo forumni ta’sis etish, Ekspertlar kengashining qizg‘in ishini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu maqsadda oy oxirigacha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda bozorlarni o‘zaro shakllantirish, mavjud cheklovlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil etish masalasini o‘rganishga kelishib olindi.
Shuningdek, energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Yirik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, Qambarota GES qurilishini tayyorlash ishlari jadallashtiriladi. Bundan tashqari, ta’lim sohasida bugun ikki mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari - Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiqda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart To‘qayevni Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi majlisini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston 7 milliard dollarlik sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirishga kelishib olgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi