Mirziyoyev To‘qayev bilan O‘zbekistonda o‘tadigan muhim sammitni muhokama qildi

Jamiyat

image

Bugun, 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim Jomart-To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezidentlar O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sherikligini rivojlantirish istiqbollarini va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Shuningdek, davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratgan. Suhbatdoshlar O‘zbekiston rahbarining o‘tgan yil dekabr oyida Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish yuzasidan fikr almashgan.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev va Qosim Jomart-To‘qayev muborak Ramazon oyining boshlanishi munosabati bilan bir-birini tabriklagan.

“Telefon muloqoti O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, Prezidentlar o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar dastur doirasida faol almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratgan.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonda SHHT sammitini o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

112

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing