Mirziyoyev Tramp bilan gaplashib, uni O‘zbekistonga taklif qildi

Jamiyat

image

Bugun, 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqilgan. Suhbat avvalida AQSH Prezidenti so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholagan va qo‘llab-quvvatlagan.

Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Prezident Donald Trampni AQSH ma’muriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning ulkan natijalari bilan samimiy tabriklagan. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etilgan.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ustuvor tarmoqlarda biznes kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va savdo bitimlari hajmini tubdan oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. 2024 yilda tovar ayirboshlash 15 foizga oshdi.

Istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan”, deyiladi xabarda.

Shu oyda AQSHning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va barqaror sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi.

“Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Toshkentda AQSHning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”, deyiladi xabarda.

Telefon muloqoti chog‘ida davlat rahbarlari dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashdi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Amaliy hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlarni ilgari surish maqsadida oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing