Mirziyoyev Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
06 iyun 2022
10590Bugun, 6 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
2020 yilda Toshkent yerusti halqa metrosining “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan birinchi bosqichi qurilgan edi. Bugungi kunda Qo‘yliqdan Sergeli yo‘nalishining 5-bekatiga eltuvchi ikkinchi bosqich barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha 200 dan ziyod tayanch ustunlar o‘rnatilib, estakadalar qurilmoqda.
Davlat rahbari bu ishlarning sifatini ko‘zdan kechirdi.
“Yerusti metrosi qurish tajribamizda yo‘q edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz. Shuning uchun yo‘lning mustahkamligini yana bir marta jiddiy ko‘rib chiqish kerak. Ikkinchidan, metroda, bekatlarda odamlar uchun zamonaviy, elektron xizmatlarni ko‘paytirish zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Yerusti metrosining qariyb 12 kilometrlik bu qismida 7 ta bekat bo‘ladi. Ular orasidagi qatnov vaqti 13 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.
Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 600 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish va metropolitenda yo‘lovchilarni ko‘paytirish loyihalari taqdimot qilindi.
Unga ko‘ra, jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olinmagan mahallalarga 12 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilib, metro bekatlari bilan bog‘lanadi. Shuningdek, Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib keluvchi 9 ta katta yo‘lda tezkor avtobus qatnovlari tashkil etiladi.
Toshkent davlat transport universiteti tomonidan chet ellik ekspertlar bilan birgalikda, metropolitendan foydalanish darajasini oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Xususan, qo‘shimcha jamoat transporti yo‘nalishlari ochish va ularni yo‘lovchi kam metro bekatlariga bog‘lash, poyezdlar vagonini 5 ta qilish va qatnov oralig‘ini qisqartirish kabi choralar ko‘zda tutilgan.
Bularning natijasida metro harakatining tannarxi, aholining jamoat transportiga xarajati va kutish vaqti sezilarli qisqaradi. Shaharga kirib keluvchi yengil avtomobillar soni 97 mingtagacha, magistral ko‘chalarda tirbandlik 10 foizgacha kamayishi mumkin.
Prezident bu takliflarni ma’qullab, mahallalar aholisining metroga kelib-ketishi uchun qulayliklar yaratish, bekatlar yonida avto va veloturargohlar tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Jamoat transporti uchun yana elektrobuslar olib kelish va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tayyorlash, tramvay yo‘li qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Davlat rahbari Qipchoq ko‘chasi bo‘ylab yurib, yo‘l infratuzilmasini ko‘zdan kechirdi.
LiveBarchasi