Mirziyoyev Toshkent chinni zavodini borib ko‘rdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 oktyabr kuni Olmazor tumanida yangi joyda qad rostlagan Toshkent chinni zavodini borib ko‘rdi. 

Davlat rahbari bu zavodning qayta tiklanishi haqida o‘tgan yili 29 iyun kuni Olmazor tumani aholisi bilan muloqot chog‘ida aytgan edi.

1952 yilda ishga tushirilgan mazkur chinni zavodida choynak, piyola, kosa, tarelka, lagan, ko‘za kabi milliy uslubdagi buyumlar, suvenirlar tayyorlangan. “Oq oltin”, “Tong”, “Uzum”, “Tovus” kabi to‘plamlar xalqaro ko‘rgazmalarda oltin medallarga sazovor bo‘lgan, ko‘plab mamlakatlarga eksport qilingan. Ammo keyinchalik xususiylashtirilib, ishlab chiqarish to‘xtab qolgan edi. 

Prezident topshirig‘iga muvofiq, zavod faoliyatini qayta tiklash maqsadida “Aloqabank” tomonidan umumiy qiymati 87 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Foydalanilmayotgan ob’ekt rekonstruksiya qilinib hamda qo‘shimcha binolar qurilib, Xitoyning “Huanggang Huauao Zhongbo Klin Technology Co. Ltd.” kompaniyasi uskunalari o‘rnatildi. 300 ta ish o‘rni yaratildi.

Zavodda yiliga 30 million dona oshxona idishlari, suvenirlar, binolarning ichki bezaklari ishlab chiqariladi. Yuz foiz mahalliy xomashyodan foydalaniladi. Mahsulotlar import o‘rnini to‘ldirib, Rossiya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlariga eksport ham qilinadi.

“Bu zavod O‘zbekistonning faxri. Ilgari respublikamizga mehmon kelsa yoki yurtdoshlarimiz chet elga borsa, shu zavod to‘plamlaridan sovg‘a qilinardi. Endi ushbu yangi korxona undan ham chiroyli, sifatli va qadrli mahsulotlar tayyorlashi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

Mutasaddilar bilan suhbatda zavod faoliyatini kengaytirib, klasterga aylantirish, yanada ko‘p xotin-qizlar va yoshlarni ishga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Mamlakatimizda shuncha uylar qurilyapti, odamlarning hayot sifati o‘zgaryapti. Yangi uyga ko‘chgan har bir oila albatta chinni buyumlar sotib oladi. Yubileylar, festivallarga bag‘ishlangan, sovg‘a uchun to‘plamlar ham chiqarish mumkin. Buning uchun dizayn ustida ishlash, bozor talabini o‘rganib, olimlar va texnologlar bilan hamkorlikda zamonaviy mahsulotlar tayyorlash, yangi brendlar yaratish kerak. Masalan, milliy naqshlarimiz, so‘zanalarimiz bu borada katta manba bo‘la oladi”, deydi Prezident. 

Davlat rahbari chinni buyumlar muzeyini ko‘zdan kechirdi. Zavodda ishlagan mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent chinni zavodi

Baholaganlar

65

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar