Mirziyoyev TDT bosh kotibini qabul qildi
Jamiyat
−
30 Oktabr 2023
6325O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilotga raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalari va uning bo‘lajak sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, TDT doirasida savdo, “yashil” iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport va logistika, turizm, ekologiya, yoshlarga oid siyosat, turkiy xalqlarning madaniy va tarixiy merosini ommalashtirish sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
O‘tgan davrda turkiy davlatlarning ko‘p tomonlama sherikligi yangi sur’at bilan rivojlangani, yuzdan ortiq tadbirlar o‘tkazilgani hamda amaliy hamkorlik uchun qator yangi maydonlar tashkil etilgani alohida ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 noyabr kuni Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining o‘ninchi yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda tashkilotga a’zo davlat rahbarlari: O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, shuningdek, TDT kuzatuvchi-davlatlari – Vengriya va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi.
LiveBarchasi