Mirziyoyev Tatariston raisini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 24 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Aytilishicha, uchrashuvda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, tomonlar o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi ortayotgani, Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani hamda Rossiya delegatsiyasining mazkur tashrifi davomida yangi loyihaga – Jizzax viloyatida texnopark barpo etishga start berilganini qayd etgan. 

Bundan tashqari, neft-kimyo va mashinasozlik tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani aytilgan. Shuningdek, Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali faoliyati kengaytirilayotgani ta’kidlangan.

Uchrashuv chog‘ida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikka oid istiqbolli loyihalar, mamlakatning boshqa hududlarida ham yangi industrial parklarni ochish va mavjudlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, kichik biznes va axborot texnologiyalari sohalarida hamda kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish masalalari muhokama qilingan.

Shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishida Rossiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibida Tataristonning kompaniya va korxonalari faol ishtirok etayotgani ta’kidlangan. Uchrashuv yakunida davlat rahbari yo‘l xaritasi asosida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etish muhimligini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rustam Minnixanov Tatariston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing