Mirziyoyev taklif qilingan “Tinchlik kengashi” nizomi Davosda imzolanishi kutilmoqda
Olam
−
11:44 953 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 22 yanvar kuni Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida G‘azo sektorini tartibga solish bo‘yicha “Tinchlik kengashi” vakolatlari va nizomining to‘liq matnini tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp taklif qilingan davlatlardan tashabbusni rasman boshlash uchun 22 yanvar kuni hujjatni imzolashni talab qilmoqda. Nizom loyihasiga ko‘ra, Tramp organning birinchi raisi bo‘ladi va yangi a’zolarni taklif qilish bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi. Tashkilotning doimiy a’zosi maqomini olish uchun AQSH ma’muriyati davlatlardan birinchi yil davomida kamida 1 milliard AQSH dollari miqdorida badal to‘lashni talab qiladi.
“Bloomberg”ning qayd etishicha, bunday moliyaviy sharoit ko‘plab jahon yetakchilarini hayratda qoldirdi va keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Dastlab kengash G‘azo sektorini tiklashni nazorat qilish uchun tashkil etilgan bo‘lsa-da, Nizom matni BMTga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashabbusning kengroq va global ambitsiyalarini ko‘rsatadi. Ba’zi taklif qilingan tomonlar Tramp rais sifatida yangi tuzilma mablag‘lari ustidan yagona nazoratni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Donald Tramp bugungacha ushbu Kengashga Rossiya, Turkiya, Hindiston, Misr, Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlarini taklif qilgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 16 yanvarda G‘azo sektorida Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmani tashkil etish Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Birlashmaning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
Live
Barchasi