Mirziyoyev “svet” va gaz muammosidan yaxshi xabardor. U oddiy mahallada yashashini aytdi

Jamiyat

image

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi energiya inqirozi, “svet” va gaz muammosidan juda yaxshi xabardor. Bu haqda uning o‘zi bugun, 13 dekabr kuni Uchtepa tumani faollari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

“Toshkent shahrida 584 ta mahalla bor. Ulardagi vaziyatni televizorda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rish boshqa, sizlar bilan bevosita ko‘rishib o‘rganish boshqa. Umuman, Toshkent shahri poytaxtimiz. Uning yutuqlari o‘zimizniki, kamchiliklarini esa muhokama qilib bartaraf etishimiz kerak. Shu bois sizlardan bugun ochiq suhbatlashib olmoqchiman”, deydi davlat rahbari uchrashuv avvalida.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligiga shu kunlarda 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Buni aytarkan davlat rahbari, nega Uchtepa tumaniga kelganini izohladi. 

“Men kelishimdan maqsad, qilingan ishlarni maqtanish emas. Yakunlanayotgan yildan saboq, kelgusi yilga reja! Mana shu masala diqqat markazimizda bo‘lishi kerak. Men bejizga mahallaga diqqat qaratmayman: hamma dard mahallada, lekin shu bilan birga hamma davo ham mahallada”, deydi u. 

Davlat rahbari so‘zida davom etib, o‘zi ham oddiy mahallada yashashini aytdi. 

“Bizda ham mahalla raisi bor. Har safar ko‘rishib qolsak “Rais bobo, ishlar yaxshimi, bizga savollar yo‘qmi”, deb so‘rayman”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi hamma muammolarni shaxsan o‘zi kuzatib borishini ta’kidladi. 

“Svet, gaz muammolarini yaxshi bilaman. Toshkent shahrida svet-gaz muammosi bo‘lmasligi kerak. Hammasi yetarli darajada ajratilgan. Faqat o‘z o‘rnida ishlatishni bilish kerak”, deydi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing