Mirziyoyev sport kollejlari foyda bermayotganini tanqid qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sportchilarni professional tayyorlash tizimi to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ta’kidladi.

“Respublika va Chirchiq shahar olimpiya zaxiralari kollejlaridan boshqa birorta sport kolleji o‘z natijasi bilan maqtana olmaydi. Sababi, yoshlar terma jamoalarining bosh trenerlari aynan shu 2 ta kollejda faoliyat yuritadi va sport federatsiyalari ham faqat ular bilan ishlashga o‘rgangan”, dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, Samarqand olimpiya kolleji sport gimnastikasi, taekvondo va stol tennisi bo‘yicha so‘nggi 3 yilda musobaqalarda sovrinli natija ko‘rsatmagan. Vaholanki, kollejda ushbu sport turlari bo‘yicha 23 nafar sportchi, 3 nafar trener mavjud.

Shuningdek, hozirda olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan yuqori o‘smirlar qabul qilinayotgani, oqibatda yoshlarni Olimpiada o‘yinlariga tayyorlash 7-8 yil kech boshlanyapti.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilgan. Shu asosda sportchilarni professional tayyorlash bo‘yicha quyidagi tizim joriy etiladi:

•  kollejlar har bir viloyatda olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida tashkil etiladi;

•  markazlar huzurida 5-9-sinflar uchun Olimpiya maktablari, 10-11-sinflar va 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kollejlari bo‘ladi;

•  bolalar va o‘smirlar sport maktabida yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar Olimpiya maktabiga qabul qilinib, ta’lim oladi va chuqurlashtirilgan sport bilan shug‘ullanadi; 

•  ixtisoslashgan sport maktablari bitiruvchilari kollejlarga 1-kursga qabul qilinib, tayyorgarlikning uzluksiz tizimi yaratiladi;

•  Sport vazirligi huzurida ilg‘or trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tashkil etilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan sportchilarni kollejlarga saralab oladi;    

•  kollej bitiruvchilari Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing