Mirziyoyev siyosatga xiyonatda ayblagan sobiq “zamhokim” ishi sudda ko‘rilmoqda

Jamiyat

image

Jizzax viloyatining sobiq hokim o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi joriy yilning iyun oyida yakunlanib, ko‘rib chiqish uchun Toshkent viloyat sudiga yuborilgan. Bu haqda Bosh prokuraturaning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi. 

Bosh prokuratura vakiliga ko‘ra, sud jarayonlari yakunlangan, tez orada hukm e’lon qilinadi.

Qayd etilishicha, sobiq hokim o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi tomonidan Jizzax shahrining “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli bino oxiriga yetmay qulab tushgandi. Hodisa Prezident Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi oldidan sodir bo‘lgandi. 

Prezident ushbu holatga munosabat bildirib, Akrom Rahmonqulovni “prezident siyosatiga xiyonat qilgan”ligini aytgandi.

Bino qulashi ortidan viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

Mamlakat Bosh prokuroriga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov 2018 yilda lavozimga tayinlangach, uyushgan jinoiy guruh tuzib, qariyb 20 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. 

Xususan, 2018—2020 yillarda Rahmonqulov jami 494 mlrd so‘mlik 82 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

“Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi “Eski shahar” buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlandi. Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda”, degan edi Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

599

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing