Mirziyoyev sholi dalasiga bordi
Jamiyat
−
15 Oktabr 11824
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmagan. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi. Keyingi yillarda alohida e’tibor tufayli sohada sifat o‘zgarishlari boshlangan, samaradorlik oshgan.
Masalan, Toshkent viloyatida joriy yil hosili uchun 8,7 ming gektar sholi ekilgan. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 3 ming gektar yer lazerli tekislangan. Natijada viloyat bo‘yicha 60 million metr kub suv tejalgan, 522 tonna urug‘lik sarfi kamaygan.

Bugungi kunda 985 gektar maydonda sholi yig‘ib olinib, gektariga o‘rtacha 65-70 sentnerdan, ayrim dalalarda 80-85 sentnerdan hosil olindi.

Davlat rahbari shu yerda fermerlar, qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan muloqot qildi. Ular hosildor navlar va yangicha agrotexnologiyalar tufayli mehnatdan manfaatdorlik oshib borayotganini aytdi.
“Bugun hamma sohada ilmga, innovatsiyaga, ilg‘or texnologiyalarga tayanyapmiz. Qishloq xo‘jaligida ham bozor tamoyillarini joriy etib, daromadni oshirmaganimizda bugungidek hosildorlik bo‘lmasdi. So‘nggi vaqtlarda tabiat o‘zgarib, suv taqchilligi ortmoqda. Endi mirishkorlar bunga moslashib ishlashi, tomchilatib sug‘orish, suvdan tejab foydalanishni o‘rganishi kerak”, dedi Prezident.
Sohadagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, ilm bilan mehnat unumdorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga hosildor navlarni ko‘paytirish, qayta ishlashni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirgan, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan samimiy suhbatlashgandi.
Live
Barchasi