Mirziyoyev shaxmatchilarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni g‘alaba bilan tabrikladi
Jamiyat
−
09 avgust 2022
15486O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan jamoa bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni ushbu buyuk g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Jahongirjon, assalomu alaykum! O‘zim nomimdan, xalqimiz nomidan O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib, mana shunday butun dunyoga tarannum etganlaring bilan, o‘zingni oltin medal olganing bilan tabriklayman. Nodirbek Yoqubovni, Javohirni, Shamsiddinni meni nomimdan ham tabriklab [qo‘ygin]. Xudo xohlasa, O‘zbekistonda ko‘rishamiz. Bu tariximizda juda katta iz qoldiradi. O‘zbek millati nimaga qodir ekanligini yana bir marta namayon etdilaring. Men juda xursandman, kayfiyatimga kayfiyat [qo‘shildi]. Butun xalqimiz silarni olqishlayapti. O‘zbekistonda bugun katta bayram, tarixiy bayram”, deydi Mirziyoyev.
Suhbat davomida, olimpiadada o‘z doskasida individual natijalar bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Jahongir Vohidov jamoa nomidan davlat rahbariga ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
“Sizga chin yurakdan rahmat aytamiz. Albatta, sizni bizga bo‘lgan ishonchingiz bu yerda yordam berdi. Chempion bo‘lishimizning negizida yurtimizda shaxmat bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar yotganiga ishonchimiz komil. Kelajakda ham shunday yorqin-yorqin natijalarni ko‘rsatishga harakat qilamiz”, deydi chempion.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etib, 162 ta jamoa ichida 31-o‘rinni egallagan O‘zbekiston ayollar terma jamoasini ham tabrikladi, murabbiylariga tashakkur aytdi.
“Nidirlandiya bilan o‘ynagan o‘yinlaringni ko‘rib, men qoyil qoldim. Xalqimiz nomidan, o‘zimni nomimdan yana tabriklayman, g‘alabalar muborak bo‘lsin. Ilohim, bu oxirgisi bo‘lmasin. Mana 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiyadasiga hozirdan tayyorgarlik qilamiz, lekin tayyorgarlikni silar boshlab berdilaring. Butun dunyo, butun jahon qoyil qoldiki, endi O‘zbekistonga kelishda ular ham katta tayyorgarlik ko‘radi. Biz undan ham yaxshi tayyorgarlik qilamiz. Qizlarimizga ham meni nomimdan tabrik. Murabbiylariga Prezident alohida tashakkur va rahmat aytib yubordi deng”, deya ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston tarixda birinchi marta shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu Olimpiada davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi.
Chennay shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining so‘nggi turida O‘zbekiston erkaklar jamoasi Niderlandiya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi.
Yagona g‘alaba Jahongir Vohidovga tegishli bo‘ldi. Jahongir Vohidov Maks Varmerdam bilan kechgan partiyada O‘zbekistonga uzoq kutilgan chempionlikni olib keldi.
O‘zbekiston terma jamoasi sharafi himoya qilgan yana bir shaxmatchi – Nodirbek Yoqubboyev Yorden van Forest bilan kechgan partiyada murosa ko‘chasini tanladi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nodirbek Abdusattorov raqibi Anish Kumar Giri bilan murosa ko‘chasini tanlashdi. Shuningdek, Javohir Sindorov Bok Benjaming bilan uchrashuvda durrangga imzo chekdi.
O‘zbekiston Niderlandiya termasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Ma’lumot uchun, 1992 yil Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston vakillari kumush medallarni qo‘lga kiritgandi.
LiveBarchasi