Mirziyoyev SHHT sammitida ishtirok etdi
Olam
−
04 iyul
4214Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 iyul kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Muhammad Muxbir, Xitoy rahbari Si Szinpin, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, shuningdek, SHHT Bosh kotibi Chjan Min va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.
Majlisda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan. SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan.
“Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi. Biz “SHHT oilasi” jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari, shuningdek, SHHT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladigan “Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” yo‘nalishlarida inklyuziv transport tizimini shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
“Transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir”, dedi Prezident.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida to‘xtaldi.
So‘zining yakunida Mirziyoyev XXR Raisi Si Szinpinni Xitoy Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik missiyasini qabul qilgani bilan tabrikladi. Yig‘ilish yakunida Ostona deklaratsiyasi va hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun Ostonaga yetib borgandi.
LiveBarchasi